Jamiyatimizda xotin-qizlar manfaatlari himoya qilinishi uchun “Ayollar daftari” yuritilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalda joriy etilgan “Ayollar daftari” tizimi boshqa hech bir mamlakatda uchramaydigan noyob mexanizm bo‘lib, bu orqali yurtimiz xotin-qizlarini qiynab kelayotgan muammolar hal etilishiga erishilmoqda.
Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida 263776 nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan xotin-qizlar 135713 nafarni tashkil etadi. 30 yoshdan yuqori bo‘lgan xotin-qizlar soni 57061 nafarni tashkil etib, “Ayollar daftari”ning 4-bosqichiga kiritilgan xotin-qizlar 6828 nafardan iborat. Qarshi tumani Madaniyat markazida “Ayollar daftari”da turuvchi 32 nafar xotin-qizlarga tikuv mashinalari topshirildi.
Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Komila Karomova ishtirok etdi. Ayollar bilan dildan suhbatlashildi. Ularning kelajak rejalari, ishlarini to‘g‘ri tashkil etish uchun qanday yordam kerak bo‘lsa, barcha davlat xizmatchilari tayyorligi aytildi.
Ular orasida bichish-tikishning hadisini olgan, ammo shu kungacha ro‘zg‘oridan orttirib, tikuv mashinasini xarid qila olmayotgan xotin-qizlarimiz bor. Subsidiya mablag‘lari hisobidan zamonaviy tikuv mashinasi berilganligi orzular ushalishi bo‘ldi.
Tikuv mashinasi bilan oilasiga qo‘shimcha daromad keltirishni maqsad qilishgan. Tikuv mashinasidan samarali foydalanib, ro‘zg‘orlarini butlab olishadi. Bir so‘z bilan aytganda, 32 ta tikuv mashinasi bilan yana 32 xonadonga quvonch kirib bordi.