Assalomu alaykum, aziz tumanimiz aholisi!
Hammamizga maʼlumki, joriy yilning 9-10 yanvar kunlari O‘zbekiston hududiga Rossiyaning Yevropa qismida shakllangan sovuq havo oqimi kirib kelishi bilan ko‘plab hududlarda qalin qor yog‘di.
Sovuq harorat hozirga qadar asta-sekinlik bilan chekinishda davom etmoqda. Yurtimizga kirib kelgan ushbu sovuq iqlim sababli Qarshi tumani va qolaversa butun O‘zbekistonning barcha hududlarida sovuq tushishi bilan aholining gazga bo‘lgan talabi oshishi natijasida gaz bosimi keskin pasayib ketdi. Gaz bosimining pastligi bois aholining elektr energiyaga bo‘lgan talab va ehtiyoji oshib ketmoqda. Yuzaga kelgan elektr energiya va gaz inqirozini yumshatish uchun aksariyat sanoat korxonalari va gaz quyish shaxobchalari faoliyatiga cheklov o‘rnatildi.
Vujudga kelgan elektr-energiya va gaz taʼminotidagi uzilishlar, shuningdek, boshqa aniqlangan nosozliklarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha mutasaddi korxona hamda tashkilotlar mutaxassislardan (tuman gaz korxonasi – 75-572-20-56, tuman elektr tarmoqlari – 75-572-14-63, tuman suv taʼminoti – 75-572-15-36, tuman mahalla bo‘limi – 75-572-10-43) iborat bo‘lgan "Tezkor shtab" (75-572-11-21) tuzilib, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tashkil etilgan shtabning telefon raqamlari tuman hokimligining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida yoritildi.
Tuman Ichki ishlar bo‘limida tashkil etilgan "Tezkor shtab"da uzluksiz tunu-kun 24 soatlik xizmati amalga oshirilib, mahallalarda sodir bo‘lgan gaz va elektr taʼminoti bilan bog‘liq avariyalarini bartaraf etish hamda og‘ir ahvolda qolgan xonadonlarga yordam berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Fuqarolarning gaz, elektr-energiyasi taʼminoti va ko‘mir yoqilg‘isini yetkazib berish bo‘yicha murojaatlari tezkorlik bilan ishchi guruhi tomonidan o‘z yechimini topmoqda. Qolaversa, tumandagi 58 ta mahalla fuqarolar yig‘inida yetarli miqdorda ko‘mir zaxiralari mavjud bo‘lib, hozirgi kunda jamg‘arilgan ko‘mir yoqilg‘isidan ehtiyojmand oilalarga yetkazib berilmoqda.
Hurmatli tumanimiz fuqarolari!
Tumanimizda tabiiy gaz taʼminoti Qarshi-G‘uzor yo‘nalishidagi 6 km da “AGRS-1” tarmog‘i orqali yetkazib berilmoqda. Bu tumanning markazigacha 19 km masofani tashkil etadi. Sovuq iqlim o‘zgarishi, yaʼni havo haroratining keskin 20-22 daraja sovuq tushishi holati yaqin yillar davomida takrorlanmaganligini hamda bugungi kunda ob-havoning keskin sovib ketishi natijasida temir quvurlaridagi tabiiy gaz oqimining harakatlanishiga salbiy taʼsir ko‘rsatib gaz bosimi pasaymoqda va gazga bo‘lgan talab ortib bormoqda.
Aholi uy-joy xonadonlarni isitish maqsadida elektr-energiyasidan foydalanmoqda. Elektr-energiyasining belgilangan kuchlanish rejasiga nisbatan quvvatning ortib borishi oqibatida elektr-energiya yetkazib beruvchi elektr stansiyalarda avariya holatlari vujudga kelmoqda. Qish mavsumini betalofat o‘tkazish hamda aholini hozirgi kundagi elektr-energiyasiga nisbatan bo‘lgan yuqori talabini inobatga olib, hududlar kesimida belgilangan vaqtbay cheklovlar o‘rnatilgan. Bu albatta har birimizga noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda.
Shu bois, Sizlardan barcha cheklovlarni to‘g‘ri qabul qilishingizni so‘rab qolaman!
O‘z navbatida, men va sektor rahbarlari hamda tegishli idoralar bilan hamkorlikda zimmamizga yuklatilgan javobgarlikni to‘la his etib, xalqimizning tinch va osoyishta hayot kechirishlari uchun doimiy xizmat qilamiz.
Hurmatli nuroniylar, hoji otalar, hoji onalar, oqsoqollar, aka-ukalar hamda opa-singillar!
Yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga, isitish uchun foydalanib kelayotgan har xil turdagi isitish moslamalaridan belgilangan texnik xavfsizligi qoidalariga rioya qilib ishlatishingizni hamda tabiiy gaz va elektr energiya resurslaridan samarali foydalanib, is gazi, yong‘in va boshqa favquloddagi vaziyatlarni oldini olish bo‘yicha oilalarimizga targ‘ibotlar o‘tkazishni iltimos qilib qolaman.
Issiq kunlar oldinda, tumanimizni ahil fuqarolari bilan sinovli kunlarni ham ortda qoldirmoqdamiz.
Xalqimizning o‘zaro bir-birlariga bo‘lgan ishonch va sadoqatlari, mehr-muruvvatlarining samimiy bo‘lishi yurtimizdagi osoyishta hayot va tinchlikning samarasidir. Yurtimizdagi ana shu xotirjamlik va barqarorlik neʼmatlariga chin maʼnoda shukrona qilish va uning qadriga yetish kerak.
Bir necha kunlik tabiatning qish mavsumidagi iqlim o‘zgarishidan, yaʼni bu sinov davridan eson omon o‘tishimizga Allohning o‘zi qo‘llasin.
QARSHI TUMANI HOKIMI
B.YUSUPOV.