Qarshi tumani — Oʻzbekiston Respublikasining Qashqadaryo viloyatidagi tuman, 1931-yil 1-oktabr da tashkil etilgan. Shimoliy dan Koson, shimoli-sharqdan Chiroqchi, sharqdan Qamashi, Gʻuzor, janubiy dan Nishon, gʻarbdan Kasbi tumanlari bilan chegaradosh.. Maydoni 0,9 ming km2. Aholisi 177 ming kishi (2005). Tumanda 1 shahar (Beshkent), 16 ta qishloq fuqarolari yigʻini (Bogʻobod,Takhtapul, Dasht, Yertepa, Kat, Kojar, Nuqrobod, Paxtakor, Poshton, Talliqoʻrgʻon, Xonobod, Charogʻil, Choʻliboʻston, Qovchin, Qoratepa, Hilol) bor. Markazi — Beshkent shahriTabiati. Tuman hududi Qashqadaryoning eng quyi oqimidagi tekislikda joylashgan (eng baland joyi 387 m). Oʻrqir joylar (Mullaquvvat qirlari, balandligi 424 m, Qoʻngʻirtogʻ, balandligi 571 m), botiqlar (Charogʻil botigʻi) va shoʻrxoklar bor. Tuman hududi orqali Qashqadaryo va uning irmoqlari, Fayziobod, Patron—Beshkent va boshqalar kanallar oqib oʻtadi. Gazneft, qoʻngʻirtosh, shagʻal qazib olinadigan konlar bor. Iqlimi kontinental. Qishi iliq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 0°, 2°. Baʼzan, —22°, —27° gacha sovuq boʻlishi mumkin. Yozi issiq. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 28,8°, eng yuqori temperatura 47°. temperatura 5° dan yuqori boʻlgan kunlar soni 284 —298 kunni tashkil etadi. Yillik yogʻin 190 – 220 mm. Tuprokdari unumdor boʻz tuproqlardan iborat. Daryo vodiysida oʻtloq, allyuvial, Charogʻil botigʻida shoʻrxok tuproqlar tarqalgan. Yovvoyi oʻsimliklardan shoʻra, shuvoq, yantoq, oqquray, kovrak, qargʻaoyoq, qamish, shoʻrajriq, yulgʻun va boshqalar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, tulki, chiyaboʻri, qoʻshoyoq, jayra, yumronqoziq, echket; mar, qum boʻgʻma iloni uchraydi.[1]
Aholisi, asosan, oʻzbeklar (97,3%), shuningdek, tojik, qozoq, rus, qirgʻiz, turkman va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2ga 196,6 kishi. Shahar aholisi 16,5 ming kishi, qishloq aholisi 160,5 ming kishi (2005).
Xoʻjaligi. Tuman Qarshi shahri atrofida joylashganligi uchun paxtachilik bilan birga gʻallachilik, sabzavot va polizchilik, bogʻdorchilik, chorvachilikka ixtisoslashgan. Pillachilik bilan ham shugʻullaniladi. Tumanda Qarshi shahri attorlik va toʻquvchilik fabrikasining gilam toʻqish sexi, MTP, avtokorxona, qurilish tashkilotlari, kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalari, paxta tozalash, gʻisht zavodlari, bozorlar, savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari bor. Kichik, oʻrta biznes va yirik korxonalar, mikrofirmalar faoliyat koʻrsatadi. 5 qoʻshma korxona ishlab turibdi.
Qarshi tumanida dehqon, fermer xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatadi. 16,5 ming ga yerga paxta, 15,2 ming ga yerga don, shuningdek, kartoshka, sabzavot va poliz, ozuqa ekinlari ham ekiladi. Tutzor, tokzor, mevazorlar bor. Koʻpyillik daraxtzorlar, koʻchatzorLar, ihota daraxtzorlar, yaylovlar mavjud. Tumandagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 50,5 ming qoramol, 82 ming qoʻy va echki, 53,5 ming parranda, 435 yilqi boqiladi.
60 umumiy taʼlim maktabi (43 mingdan ziyod oʻquvchi), litsey, bolalar musiqa maktabi, 3 kasb-hunar kolleji (1,6 ming oʻquvchi), 36 kutubxona (290 ming nusxa asar), 3 madaniyat uyi, 13 klub muassasasi faoliyat koʻrsatadi. Madaniyat va istirohat bogʻi, ashula va raqs ansambllari mavjud. Stadion, tennis korti va boshqalar sport inshootlari bor. Beshkent shahrining Mustaqillik maydonida "Xumo qushi" monumenti oʻrnatilgan. Tuman markaziy kasalxonasi (315 oʻrin), tugʻruqxona, 3 poliklinika, 14 qishloq vrachlik punkti, qishloq uchastka kasalxonasi, 9 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 36 feldsherakusherlik punktida 216 vrach, 1456 oʻrta tibbiy xodim aholiga xizmat koʻrsatadi. Qarshi tumanida tarixiy va meʼmoriy yodgorliklardan Hazrati Sulton maqbarasi (12—16-asrlar), Toshmasjid (16—18-asrlar), Xalfa Eshon masjidi (16—17-asrlar), Chorgumbaz masjidi (16— 17-asrlar) va boshqalar saqlangan. Beshkent — Qarshi yoʻnalishida avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi. 1991-yildan "Naxshab" gaz. nashr etiladi (adadi 600 nusxa).