Ne-ne orzu niyat bilan pul yig‘ib, uy-joy qilaman deb yer olsangizu, u yerga borganingizda boshqa odam yashayotgan bo‘lsa? Qiziq va asabni buzadigan holat shunday emasmi?
Yu.Isroilova bilan ham shunday holat yuz berdi. 2020 yilda Qarshi tuman hokimining qaroriga asosan tuman hududidan yer oldi, u yerdan xabar olishga borganida esa, u joy qisman odam yashaydigan holatga keltirilgan va odamlar yashab kelayotgan edi. Nima bo‘lganini so‘raganda esa, ular daʼvogarning turmush o‘rtog‘idan sotib olganini vaj qildi, ammo ularning yerga egaligi haqida biror hujjati yo‘q edi. O‘rtada nizoli vaziyat yuzaga keldi, bu nizo 3 yil davom etdi.
2023 yilning 14 mart kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudi daʼvogar Yu.Isroilovaning javobgar R.Elmurodovga nisbatan nizoli uy-joydan majburiy tartibda chiqarish haqidagi daʼvo arizasini ko‘rib chiqdi va daʼvoni qanoatlantirdi.
R.Elmurodovni daʼvogarga tegishli bo‘lgan Qarshi tuman, Kat MFY, Chorgumbaz qishlog‘idagi uydan majburiy tartibda chiqarish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Qarshi tuman bo‘limiga 2023 yil 17 aprel kuni kelib tushgan va shu kunning o‘zida ijro ishi qo‘zg‘atilib taraflarga malum qilingan.
Shuningdek, davlat ijrochisi tomonidan qarzdor bir necha marotaba ogohlantirilishiga qaramasdan nizoli uy-joydan o‘z ihtiyori bilan chiqmaganligi sababli majburiy ijro harakatlari olib borilishi uchun tegishli qaror qabul qilingan.
Majburiy ijro harakatlari davomida Byuro hodimlariga qattiq qarshiliklar bo‘ldi, ammo har qanday vaziyatda Byuro xodimi o‘z xizmat vazifasini bajarishga majbur va ushbu ijro hujjati bo‘yicha ham javobgar uy-joydan majburiy tartibda chiqarilib, ijro hujjati ijrosi amalda tamomlandi.
Fayoz Xolmamatov – MIB Qarshi tuman bo‘limi davlat ijrochisi.