Assalomu alaykum, qadrli tumandoshlar, Muhtaram otaxon va onaxonlar hamda aziz mehmonlar!
Sizlarni «Bir bo‘lsak-yagona xalqmiz, birlashsak- Vatanmiz!» shiori asosida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi bayrami bilan, o‘zining yutuqlari bilan barchamizni xursand qilib kelayotgan yoshlarimizni, yosh avlodni tarbiyalashda xizmat ko‘rsatayotgan ustozlarni, xalq salomatligi yo‘lida fidokorlik bilan xizmat qilayotgan jonkuyar shifokorlarni, el-yurt dasturxonini yana-da to‘kin qilish uchun dalalarimizda fidokorona mehnat qilayotgan mirishkor dehqon va fermerlarimizni, xalqimiz farovonligini oshirish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgan tadbirkorlarimizni, ulug‘ fazilatlari bilan xonadonlarimiz ustuni bo‘lib kelayotgan hurmatli opa-singillarimizni, har bir ishda duogo‘y bo‘lib, bizga Yaratgandan kuch va madad tilab turgan muhtaram otaxon va onaxonlarimizni hamda 280 minglik tumanimiz aholisini bugungi ulug‘ bayram bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Aziz tumandoshlar!
Bugungi kunda xalqimizning fidokorona mehnatlari evaziga yurtimiz xalqaro maydonda o‘z o‘rnini topdi va barcha millat vakillarining vatanimizga nisbatan hurmat va eʼtiborlari tobora ortib bormoqda.
Muhtaram Prezidentimiz qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlarni o‘rnatib, yillar davomida yechimini kutayotgan muammolar hal etildi va buning natijasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan barcha sohalardagi aloqalarimiz yangi bosqichga olib chiqildi.
Mustaqilligimizning so‘nggi yillarida mamlakatimizda xalqimiz hayoti farovonligini oshirish maqsadida olib borilgan ijtimoiy, iqtisodiy va bunyodkorlik ishlarini guvohi bo‘lib turibmiz.
Hurmatli tumandoshlar!
2023 yilning 24-25 oktyabr kunlari Muhtaram Prezidentimiz Qashqadaryoga tashriflari davomida vazifalar belgilab bergan edilar.
Tumanimizda joriy yilda taʼlim, tibbiyot sohalarida maqtovga arzigulik ishlar amalga oshirilmoqda. Uzumzor mahallasidagi 2-maktabga 330 o‘rinli, Guliston mahallasidagi 26-maktabda 540 o‘rinli, Mang‘it mahallasidagi 57- maktabda 120 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi va Mirmiron mahallasidagi 65-maktabda yangi sport zal binosi qurish va 10 ta maktablarda va 7 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlarida joriy taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari bolalarimizga xorijiy tillarni mukammal o‘rgatish uchun xorijiy davlatlardan 3 nafar mutaxassislar kelib bolalarimizga dars bermoqdalar.
Tumanimizda madaniyat sohasini rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratilib, tumanimizning chekka hududi bo‘lmish Charog‘il mahallasida 7-sonli “Yangi hayot” Madaniyat va maʼnaviyat markazi tashkil etildi. Yoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularni faoliyat olib borishlariga yetarli shart-sharoit yaratib berish maqsadida tuman markazida “Yoshlar markazi” binosini qurilishi ishlari boshlangan. Bunda Yoshlar ishlari agentligi faoliyat olib borib, tumanimiz yoshlarini birlashtirib, ularning muammolarini yechimini topish, yoshlarning intellektual, ijodiy va boshqa yo‘nalishdagi salohiyatini kamol toptirishdan iboratdir.
Shuni mamnuniyat bilan aytishim kerakki, tumanimizda Muhtaram Prezidentimizning tashriflari davomida barcha qulayliklarga ega bo‘lgan shifoxona binosini qurilishini taʼkidlagan edilar. Bugungi kunda tumanimizda 40 mln dollar evaziga 300 o‘rinli zamonaviy shifoxona qurilishi ishlari boshlandi. Shuningdek, Quyi Beshkent, Paxtakor mahalla fuqarolariga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun Quyi Beshkent mahalla tibbiyot punktida taʼmirlash ishlari olib borildi va ishga tushurildi va hozirgi kunda Bog‘obod mahallasining Parg‘uza qishlog‘ida mahalla tibbiyot punktida taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
Tumanimiz aholisini elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini yaxshilash maqsadida 25.5 km yangi elektr simlari tortish, 625 ta beton ustunlar o‘rnatish va 7 ta mahallarda yangi transfarmator o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida Rovot mahallasida Markaziy “Beshkent” nasos stansiyasi rekonstruksiya qilindi. 4 ta mahallani toza ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun suv nasoslari taʼmirlandi, 6 ta mahallada 1400 metr suv quvuri tortildi. Mevazor va Chaman mahallasidagi ko‘p qavatli uylarga yangi kanalizatsiya tarmog‘i tortish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Yakkayog‘och suv inshoatiga yangi “ZAMONAVIY GRANDFAR” rusumli nasos o‘rnatilib, buning evaziga mahalladagi barcha fuqarolarning xonadonlariga ichimlik suvi to‘liq yetib borilishiga erishiladi.
Tumanimizdagi ichki yo‘llarni taʼmirlash masalasida ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, joriy yilda tashabbusli byudjetning 1-mavsumida 8 ta mahalla g‘olib bo‘lib 35.1 km ichki yo‘llarni asfaltlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Lagandi mahallasida 3,1 km, Ko‘chkak mahallasida 2.9 km, Mang‘it mahallasida 5.2 km, Tallikuron mahallasida 8.6 km, Patron mahallasida 6.5 km, Uzumzor mahallasida 2.9 km, Mustaqillik mahallasida 3 km yo‘llarni asfalt yotqizish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, 11 ta mahallalarda 30 km ichki yo‘llar shag‘allashtirildi, yil yakuniga qadar qo‘shimcha yana 20 km ichki yo‘llar shag‘allashtirish ishlari amalga oshiriladi.
Fursatdan foydalanib, tumanimizda olib borilayotgan islohotlarimizni faol qo‘llab-quvvatlab, ularni amalga oshirishda doimo fidoiylik ko‘rsatib kelayotgan xalqimizga minnatdorchilik bildirmoqchiman.
So‘zimni yakunida shuni alohida taʼkidlamoqchimanki, tumanimiz aholisining hayoti, bugungi tinch va erkin hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashimiz, yoshlar, xotin-qizlar, keksa avlod vakillari, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga doimiy eʼtibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bizning asosiy vazifamiz bo‘lmog‘i zarur.
Siz, azizlarni, kattayu kichik barcha tumandoshlarimni bugungi ulug‘ ayyom – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga baxt-u saodat, fayz-u baraka tilayman.
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!