Ko‘pchilik qarindosh bo‘lmagan fuqarolarni propiskadan (doimiy ro‘yxatdan) chiqarishda turli muammolarga duch keladi va qayerga murojaat qilishni bilmaydi. Bu uchun qanday hujjatlar kerakligi, nimalar qilishi lozimligini so‘rab bizga ko‘plab murojaatlar keladi. Mazkur postda fuqaroni doimiy ro‘yxatdan chiqarish tartibini tushuntirib o‘tamiz.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 845-son qarori bilan tasdiqlangan "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risida"gi nizomning 15-bandiga asosan Fuqaroning doimiy ro‘yxatga olinganligi quyidagi hollarda migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari tomonidan bekor qilinadi:
O‘zbekiston Respublikasi hududida bir manzildan boshqa manzilga doimiy ro‘yxatga olinganda;
mulkdorning arizasiga ko‘ra — turar joyga nisbatan mulkiy huquqlarga yoki mulkdor bilan qarindoshlik aloqalariga ega bo‘lmagan shaxslar (ushbu shaxslarning uy-joydan foydalanish huquqi sud tomonidan belgilangan holatlar yoki taraflar o‘rtasida boshqacha kelishuv mavjud bo‘lgan holatlar bundan mustasno) hamda O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksida belgilangan bir kishi uchun turar joy maydonining ijtimoiy normasi to‘g‘risidagi qoidalar asosida doimiy ro‘yxatga olingan fuqarolar;
mulkdor o‘zgarganda, uning arizasi va uy-joyga egalik qilishni tasdiqlovchi hujjatlar asosida;
sudning fuqaroni uy-joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan, shaxsni bedarak yo‘qolgan deb topish va ko‘chirish haqidagi qarori asosida;
fuqaro qonunda belgilangan tartibda xorijga doimiy yashashga ketganda;
soxta hujjatlar yoki haqiqatga muvofiq bo‘lmagan hujjatlar asosida doimiy ro‘yxatga olinganligi aniqlanganda — sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi asosida;
umrbod ozodlikdan mahrum qilinganda — sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi asosida;
vafot etganda — FHDYO organining o‘lim haqidagi guvohnomasi yoki maʼlumotnomasi asosida.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning doimiy ro‘yxatini bekor qilish mahkumning ishonchnomasi asosida yoki uy-joy binosidan foydalanish huquqini yo‘qotganlik haqidagi sud qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
Qanday hujjatlar taqdim qilinishi kerak?
Mulkdor (mulkdorlar) fuqaroning doimiy ro‘yxatga olinganligini bekor qilish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlar tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasi (bo‘limi) MvaFRBga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
mulkdor (mulkdorlar)ning yoki qonunda belgilangan tartibda xorijga doimiy yashashga ketgan shaxsning erkin tarzda yozilgan arizasi yoxud notarial tasdiqlangan arizasi (roziligi), agar shaxsan borish imkoni mavjud bo‘lmasa;
uy-joyga egalik qilishini tasdiqlovchi va ushbu Nizomning 16-bandiga asosan ro‘yxatga olishni bekor qilish uchun asos hisoblanadigan hujjat.
Fuqaro xorijga doimiy yashashga ketayotganda, fuqarodan qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan o‘z ota-onasining va turmush o‘rtog‘ining (birgalikda chiqish holatlari bundan mustasno), shuningdek, agar birgalikdagi nikohdan voyaga yetmagan bolalari bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan sobiq turmush o‘rtog‘ining notarial tasdiqlangan roziligi, ular vafot etgan yoki bedarak yo‘qolgan hollarda esa — vafot etganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning yoki sudning shaxsni bedarak yo‘qolgan deb eʼtirof etish haqidagi qarorining notarial tasdiqlangan nusxasi talab etiladi.
Fuqaroning doimiy ro‘yxatga olinganligi hujjatlar qabul qilib olingandan so‘ng bir kun ichida bekor qilinadi.
Doimiy ro‘yxatga olishni bekor qilish rad etilgan taqdirda, fuqaroga shu kunning o‘zida asoslantirilgan javob xati beriladi.
Qarshi tumani IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limi.