2023 yil 30 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazilishi belgilangan. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarining muhofazasi yana-da takomillashtirilmoqda.
Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirish, yaʼni eng avvalo inson manfaatini har narsadan ustun qo‘yishni maqsad qilgan.
Loyihaga asosan insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizdir, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas. Insonnning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi hamda qonunlar, davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatining mazmun-mohiyatini belgilab beradi.
Inson va davlat organlari o‘rtasidagi yuzaga kelgan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy taʼsir choralari maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib bo‘lishi kerakligi belgilanmoqda. Bu normalar huquqni qo‘llash faoliyatida inson manfaatlari ustuvor bo‘lishini amalda taʼminlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga egaligi, qonunchilikda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga uning roziligisiz yuklatilishi, O‘zbekiston fuqarosi mamlakatdan tashqariga chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi mumkin emasligi belgilanmoqda.
Jinoyat protsessida inson huquqlari kafolati eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirilmoqda. Xususan, shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi, (“Xabeas korpus” instituti) hamda shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi kerakligi (“Miranda qoidalari”) belgilanmoqda.
Ushbu huquqiy kafolatlar inson huquqlarini muhofazasini kuchaytirish sohasidagi ishlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi hamda ularni davlat organlarining suisteʼmolliklaridan ishonchli himoya qiladi, shaxsiy erkinlik daxlsizligini va insonlarni noqonuniy hibsga olishga yo‘l qo‘ymaslikni kafolatlaydi.
O.Shukurov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qarshi tuman sudi raisi