2023 yil 16 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-11-son Farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan 2023 — 2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi tasdiqlanib, quyidagilar odil sudlovni ta’minlashning ustuvor vazifalari etib belgilandi:
“Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish hamda uning faoliyatini xalq manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga yo‘naltirish;
adolatli sud qarorlari qabul qilinishiga erishish orqali xalqning, shu jumladan, tadbirkorlarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, har bir shaxs sud va sudyalar siymosida o‘zining ishonchli himoyachisini ko‘rishiga erishish;
fuqarolar hamda tadbirkorlarga o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini sudlarda himoya qila olishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, sudlarning xolisligini amalda ta’minlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish;
sudlar faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, idoralararo elektron ma’lumot almashinuvini yaxshilash, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish;
sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligi kafolatlarini kuchaytirish, sudga hurmatsizlik qilish va sud ishiga aralashish holatlarining oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlarni ishlab chiqish;
sud qarorlarining qat’iy ijrosini ta’minlash, bu borada davlat organlari va mahalliy hokimliklarning mas’uliyatini oshirish;
sudyalar va sud xodimlarida yuksak muomala madaniyatini shakllantirish orqali sudga murojaat qilgan har bir fuqaro va tadbirkorda suddan, pirovardida esa davlatdan rozilik hissini uyg‘otish.
Sud qarorlari qonuniy, asosli va adolatli qabul qilinganligini tekshirishning fuqarolarga qulay va soddalashtirilgan tartibini yaratish maqsadida tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyasiya yoki kassasiya tartibida qayta ko‘rib chiqish;
viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyasiya yoki kassasiya tartibida ko‘rilgan ishlarni mazkur sudlarda taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish;
viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlarni Oliy sudning sudlov hay’atlarida taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish;
yuqori instansiya sudlari tomonidan ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibini bekor qilish va ularga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish mas’uliyatini yuklash bo‘yicha tegishli qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish ko‘rsatilgan.
Shuningdek, sudning mustaqilligi va sudyalar daxlsizligini ta’minlashni kuchaytirish bo‘yicha sudga hurmatsizlik qilish holatlarini oldini olishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, buning uchun ma’muriy javobgarlik choralarini kuchaytirish va jinoiy javobgarlik belgilash, sud ishlarini hal etishga aralashganlik va sud hujjatini ijro etmaganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, sud hujjatlarining ijro etilishini ta’minlashga qaratilgan ta’sirchan mexanizmlarni joriy etish kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilanmoqda.
Orzimurod Shukurov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qarshi tuman sudi raisi.