Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.
Mazkur qonun bilan amaldagi 4 ta qonunga, jumladan, Soliq kodeksi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Masʼuliyati cheklangan hamda qo‘shimcha masʼuliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi va “Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risida”gi qonunlarga tadbirkorlik subyektlari o‘z huquqlarini sud orqali himoya qilish imkoniyatini cheklovchi normalarni bekor qilish hamda tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishdagi ayrim majburiy talablarni qisqartirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, Soliq kodeksida soliq to‘lovchilar sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarorlar ustidan to‘g‘ridan to‘g‘ri sudga shikoyat qilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra, sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilingan qaror ustidan yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilingandan (shikoyat ko‘rib chiqilganidan) keyin sudga murojaat qilish mumkin.
Endilikda tadbirkorlik subyektlari o‘z huquqlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri sud orqali himoya qilishi yoki maʼqul deb hisoblasa, yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Masʼuliyati cheklangan hamda qo‘shimcha masʼuliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi hamda “Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish kiritilib, tadbirkorlik subyektlarining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqida eʼlon berish majburiyatlarini bekor qilish nazarda tutilmoqda.
Ushbu o‘zgartirishlar kiritilishi natijasida yuridik shaxslarning ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirishdagi byurokratik tartiblar bekor qilinishiga hamda tadbirkorlik subyektlari uchun ortiqcha xarajatlarning oldi olinishiga erishiladi.