YUNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazma doirasida tashkilot bosh direktori Odri Azule bilan uchrashgan Saida Mirziyoyeva YUNESKOning 2025 yilgi konferensiyasini Samarqandda o‘tkazishni taklif qildi. Taklif maʼqullansa, bu – YUNESKO sessiyalarini faqat Parijda o‘tkazish bo‘yicha 40 yildan oshiq davom etgan anʼananing o‘zgarishi bo‘ladi.
O‘zbekiston prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva va YUNESKO bosh direktori Odri Azule 4 sentyabr kuni tashkilotning Parijdagi bosh qarorgohida “Abu Rayhon Beruniy. Geografik va intellektual sayohatlar” ko‘rgazmasini ochib berdi. Ko‘rgazma buyuk alloma tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlangan.
Tashrif buyuruvchilar vizual installyatsiyalar yordamida Abu Rayhon Beruniyning hayoti va ijodi, kashfiyot va izlanishlari haqida maʼlumot olishlari mumkin. Ekspozitsiyada allomaning Fransiya milliy kutubxonasi fondidan yig‘ilgan qo‘lyozmalariga alohida joy ajratilgan.
“O‘ylaymanki, ushbu loyiha Yevropa jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otib, buyuk allomalarimiz merosi bilan faxrlanadigan o‘zbek zamini haqidagi tasavvurlarini yana-da boyitadi”, – deya ko‘rgazma haqida fikr bildirdi Saida Mirziyoyeva.
U, shuningdek, O‘zbekiston YUNESKO bosh konferensiyasining 43-sessiyasini 2025 yilda Samarqandda o‘tkazishga tayyorligini maʼlum qildi.
“Agar ushbu taklif maʼqullansa, bu tarixiy voqea YUNESKO sessiyalarini faqat Parijda chaqirish bo‘yicha 40 yildan oshiq davom etgan anʼanani o‘zgartira oladi”, – dedi Mirziyoyeva.
Maʼlumot uchun, YUNESKO – Birlashgan Millatlar Tashkilotining taʼlim, fan va madaniyat sohalariga oid maxsus tashkiloti hisoblanadi. Tashkilotga 1945 yil 16 noyabrda asos solingan. O‘zbekiston YUNESKOga 1993 yil 26 oktyabrda aʼzo bo‘lib kirgan.
#uzbekistan #novosti