O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Qarshi tumanidagi 19-sonli maktabda «Ona tilim – faxrim, g‘ururim» deb nomlangan madaniy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tuman hokimligi masʼullari, o‘quvchi-yoshlar ishtirok etgan tadbirda qayd etilganidek, 2020 yil 10 aprelda O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilingani ona tilimizning nufuzini oshirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.
Tuman Maʼnaviyat bo‘limi boshlig‘i Jasur Qodirov, 19-sonli maktab direktori Ruxiddin Berdiyev va boshqalar xalqimizning faxru iftixori, shon-shavkati, milliy timsoli - o‘zbek tilini asrab-avaylash ahamiyati haqida to‘xtaldilar.
Tadbir tumandagi 19-sonli maktab jamoasi tomonidan namoyish etilgan sahna ko‘rinishi, “Zakovat” bellashuvi va sher va qo‘shiqlarga ulandi.