Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi PF-5655-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konseptsiyasi qabul qilingan. Oʼzbekiston Respublikasi aholisi va uning farovonligi toʼgʼrisidagi ishonchli maʼlumot uzoq muddatli prognozlar va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish maqsadli dasturlarini, yangi ish oʼrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturlarini ishlab chiqish, barqaror rivojlanish Milliy maqsadlari indikatorlarini shakllantirish, mehnat resurslari joylashuvi va ulardan foydalanish jarayonlarini oʼrganish, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun muhim poydevor hisoblanadi.
Oʼzbekiston Respublikasining 2020- yil 16- mart, OʼRQ-611-son qonuni tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasining qonuniga asosan 2020 yil 11 noyabrdagi Vazirlar Maxkamasining 710- sonli Qarori qabul qilindi. Qaror ijrosini taʼminlash maqasadida Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga oid vazifa va topshiriqlar belgilab olindi. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmagan. Aholi soniga, yosh-jins tarkibiga keskin taʼsir ko‘rsatgan o‘zgarishlar, respublika hududidagi aholi joylashuvi xususiyatlari va boshqa ijtimoiy-demografik o‘ziga xosliklar aholining joriy hisobiga oid mavjud maʼlumotlarni qo‘llashni sezilarli darajada cheklamoqda.
Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
aholini ro‘yxatga olish — O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida o‘tkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir maʼlumotlarni yig‘ish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni;
aholini ro‘yxatga olish sanasi — aholi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni yig‘ish va hisobga olish amalga oshiriladigan aniq payt (yil, oy, kun va soat);
respondentlar — aholini ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
ro‘yxatga olish varag‘i — ko‘rsatilgan savollar bo‘yicha shaxsga doir maʼlumotlarni yozib olish uchun belgilangan shakldagi blanka;
ro‘yxatga olish hujjatlari — aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayoniga taalluqli hujjatlar majmui;
ro‘yxatga oluvchi xodimlar — O‘zbekiston Respublikasining aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rishga va uni o‘tkazishga jalb etilgan, maxsus o‘quvdan o‘tgan voyaga yetgan fuqarolari;
uy xo‘jaligi — bitta turar joyda yoki uning bir qismida birgalikda yashaydigan, o‘zini yashash uchun barcha zarur narsalar bilan taʼminlaydigan, umumiy xo‘jalik yuritadigan, pul mablag‘larini to‘liq yoki qisman birlashtiradigan va sarflaydigan shaxslar yig‘indisi. Bu shaxslar qarindoshlik munosabatlarida bo‘lishi yoki bo‘lmasligi mumkin. Uy xo‘jaligi bitta shaxsdan iborat bo‘lishi mumkin.
«Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, doimiy yoki vaqtincha yashovchi yoxud vaqtincha O‘zbekiston Respublikasida bo‘lib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, ammo aholini ro‘yxatga olish davrida vaqtincha xorijiy davlat hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari respondent sifatida ro‘yxatga olinadi.
Aholi soni va uning tarkibini hisoblashda bir yildan ortiq muddatda mamlakat hududida bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda «Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasi oxirgi xatboshisida nazarda tutilgan shaxslar hisobga olinmaydi, ammo uchinchi xatboshida nazarda tutilgan shaxslar va bir yildan ko‘p muddatda respublika hududida vaqtincha yashab kelayotgan xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hisobga olinadi.
Respondentlar o‘zining (doimiy yoki vaqtincha) yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi. Kunlik tungi dam olishining ko‘proq qismini o‘tkazadigan uy, kvartira, yashash uchun foydalanilayotgan boshqa turar joy yoki noturar joy bino yashash joyi hisoblanadi. Bu joy respondent ro‘yxatdan o‘tgan (ro‘yxatga qo‘yilgan) manzil bilan mos kelishi yoki mos kelmasligi ham mumkin