Kecha, Qarshi tumanida yoshlarni harbiy-amaliy sport musobaqalariga keng jalb etish, harbiy va psixologik tayyorgarlikka ega, buyuk ajdodlarimiz kabi mard, jasur, halol, jismonan baquvvat, bilimli, vatanparvar, qiyin va ekstremal vaziyatlarda toʻgʻri harakatlanish koʻnikmalarini egallagan barkamol avlod etib tarbiyalash maqsadida o`tkaziluvchi “Ko’pkurash” harbiy-sport musobaqasi viloyat bosqichi bahslarining ochilish marosimi o`tkazildi. Unda viloyat rahbari Murodjon Azimov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. Soʻzga chiqqanlar ishtirokchilarga omad va zafarlar yor boʻlishini hamda ular haqiqiy vatanparvar, oʻz nomiga munosib, yurtga tayanch va suyanch boʻlishlarini tiladilar.
Tantanali ochilish marosimi davomida harbiy qurol-aslahalar ko`rgazmasi, harbiy orkestr chiqishlari, jang sahnalari hamda xushovoz san`atkorlarning chiqishlari musobaqalarni bevosita kuzatishga kelgan muxlislarga katta quvonch ulashdi. Ayniqsa, ular orasida harbiy bo`lish ishtiyoqidagi yosh bolalarning ko`zlarida vatanga qalbdan xizmat qilish sharaf ekanligini anglatuvchi nur porladi.
- Harbiy texnika vositalari, qurol aslahalarini nabiram ko`rdi, instruktor nazorati ostida qo`lida ko`tarib, suratga ham tushdik, - deydi tadbir ishtirokchilaridan biri Davron Orziqulov. - Ham qiziqarli ham esda qolarli kun bo`ldi. Nabiramning qalbida vatanga sadoqat bilan xizmat qilish, uning himoyasi uchun labbay deyish kabi ijobiy fazilatlar shakllanganiga aminman. Bu kabi tadbirlar farzandlarimizning vatanparvar bo`lib o`sishida juda katta ahamiyat kasb etadi.
Shu kuni “Ko’pkurash” harbiy-sport musobaqalarining Qarshi tumani I sektor bahslari ham bo`lib o`tdi. Unda I sektorga qarashli mahalla yoshlari 5 ta shart asosida o'zaro kuch sinashdilar.