Sir emaski, Qarshi tumani markazida minglab muxlislarni bir joyga jamlagan "Beshkent markaziy o‘yingohi" o‘ta abgor holatga kelib qolgandi. Tuman hokimi 2022 yil 11 fevral kuni ushbu stadionda bo‘lib, abgor holatdagi manzaralardan ajablangandi.
Ayni kunlarda esa ushbu markaziy o‘yingohda katta futbol musobaqalari o‘tkazila boshlandi. Bundan tashqari tumanning “Beshkent” futbol jamoasi qayta shakllantirilib, jamoa uchun barcha imkoniyatlar yaratib berildi. Qarshi tumaniga oradan salkam 20 yil o‘tib katta futbolni qaytarishda tuman hokimining ulkan ko‘magini aytish joiz.
Ahamiyatlisi, ushbu ko‘mak o‘zining ijobiy natijasini uzoq kuttirmayapti.
- “Beshkent” futbol jamoasi Qashqadaryo viloyati kubogi yarim final ishtirokchisiga aylandi, - deydi jamoa murabbiyi Aziz Olimov. - Jamoamiz Qashqadaryo viloyati mahorat maktabi jamoasini ikki o‘yin natijasiga ko‘ra mag‘lubiyatga uchratib, yarim finalga yo‘l oldi. Jamoamizning bosh maqsadi superligada qatnashishdir.
Maʼlumot o‘rnida, “Beshkent” markaziy o‘yingohini qayta qurish ishlari ayni vaqtda ham jadal olib borilmoqda. Stadionning sug‘orish tizimlari sozlanib, chim aʼlo holatga keltirilgan. Yaqin kunlarda ushbu o‘yingoh ham tumanning diqqatga sazovor joylaridan biriga aylanadi. Shuni ham alohida taʼkidlash kerak, o‘yingohda tumanimiz isteʼdodli yoshlari uchun sport to‘garaklari ham bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda.