Hurmatli va aziz fermerlar, dehqonlar hamda tomorqa yer egalari!
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ko‘kalamzorlashtirish, o‘simliklarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish – xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri. Zero, o‘zimiz yashab turgan joyni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tufayli ko‘nglimiz shodlikka to‘ladi, turmushimiz fayzli va farovon bo‘ladi.
Ayni chog‘da bog‘lar, ko‘chalar hamda yo‘l chetlarida yashnab turgan daraxtlar tevarak-atrofga ko‘rk ulashishi barobarida havo musaffoligini taʼminlab, dasturxonimizni mevalar bilan to‘ldiradi.
Daraxtlarga mehr berish, ularni parvarishlash eng ezgu va xayrli amal sanaladi. Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish, atrof-muhitni toza va ozoda saqlash xalqimizning asrlar sinovidan o‘tgan milliy qadriyatidir. Zero, ajdodlarimiz oilada yangi tug‘ilgan farzandga atab yerga nihol qadagan. O‘sha daraxt bilan birga farzand ham ulg‘aygan.
Demak, xalqimizning ibratli o‘tmishi o‘zimiz yashayotgan muhitda tabiatga oqilona munosabatda bo‘lib, uni asrab avaylash, kelgusi avlodlar ham yashashi uchun qulay makon barpo etishga undaydi.
Muhtaram Prezidentimizning joriy yilning 29 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasida bergan ko‘rsatmalari ana shunday ezgulik yo‘lidagi juda ham muhim tashabbusdir.
Prezidentimiz raisligida «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2024 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bu boradagi ishlarni kengaytirib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil 2024 yil bahor oyida 10 million 174 ming dona, kuz oyida 6 million 130 ming 500 dona daraxt ko‘chatlari ekish vazifasi belgilab berildi.
Shuningdek, ushbu yig‘ilishda «Yashil makon» umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emasligi, kelgusi besh yilda
80 million tup daraxt ko‘chatini ekish maqsad qilingani taʼkidlandi.
«Yashil makon» umummilliy loyiha amalga oshirilishi har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlarni tanlab ularni yetishtirish uchun ko‘chatxonalar ko‘paytirilishi ayni muddaodir.
Qayd etish kerakki, joriy yilning bahor oylarida mahallalarda, fermer va dehqonlarimiz dalalari chetlariga va aholi tomorqalarida 10 million 469 mingdan ziyod ko‘chat ekildi. Albatta, bu savobli ishlarda ko‘plab tashkilotlar, mahallalar, umuman, keng jamoatchilik qatori Siz mehnatkash dehqon va fermerlarimizning ham munosib ulushi bor.
Hurmatli fermerlar!
Siz ham dalangiz chetidagi bo‘sh yerlarga tut, tok va boshqa daraxt ko‘chatlari ekib “Yashil makon” umummilliy loyihasiga o‘z hissangizni qo‘shing.
Buning uchun viloyatmizdagi ko‘chat yetishtiruvchi fermer, dehqon xo‘jaliklarida va tomorqa yer egalarida 7 milliondan ziyod tut, tok, tol, yong‘oq va boshqa daraxt nihollari mavjud.
Siz ular bilan hamkorlik qilsangiz, viloyatimiz yashillik olamiga o‘zingizning munosib hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz.
Mehnatkash dehqonlar!
Muhtaram Prezidentimizning alohida qarorlari bilan joriy yildan boshlab paxta-g‘alladan bo‘shagan maydonlardan dehqon xo‘jaliklari uchun yer ajratilib, Sizlar bu yerlardan samarali foydalanib, yuqori daromad olishni boshladingiz.
Sizlar har bir qarich yerdan unumli foydalangan holda “Bir kontur-bir mahsulot” tamoyilini amalga oshirish doirasida dala chetiga va ko‘cha boshiga tut, tok va boshqa ko‘chatlarini ekishni tashkil etishga chaqiramiz.
Muhtaram tomorqachilar!
Viloyatimizdagi 819 ta mahalla fuqaro yig‘inlarida
611 mingdan ziyod tomorqa yer egalari faoliyat yuritadi.
Natijalar hisob-kitoblarda aniq ko‘rinadi. Agar har bir tomorqachi o‘z tomorqasiga, mahalla guzariga va ko‘cha boshiga 10 tupdan ko‘chat eksa, viloyatimiz bo‘yicha 100 ming tup ko‘chat ekiladi. Bunday saxovatpeshalik bilan qilingan ishlaringiz tahsinga sazovor bo‘ladi!
Sizlarga tut, tok va boshqa ko‘chatlar kerak bo‘lsa tumanlardagi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlariga murojaat etishingiz mumkin.
Ayni paytda viloyatimizda 7 milliondan ziyod tok, tut va boshqa mevali daraxt ko‘chatlari zahirasi yaratilgan, ushbu ko‘chatlarni xarid qilib, mahallangiz guzariga va ko‘cha boshlariga hamda tomorqangizga ekib obod qilishga chaqiramiz.
Hurmatli tuman kengash raislari!
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga sifatli kafolatlangan tut, tok va boshqa ko‘chatlar bilan taʼminlash yuzasidan maʼlumotlar berib boring.
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga ko‘chatlar xarid qilish bo‘yicha Kengash huzuridagi Jamg‘arma mablag‘laridan imtiyozli kreditlar berish bo‘yicha tushuntirish ishlarini tashkil qilingizlar!
Tuman hokimliklari bilan birgalikda daraxtlarni parvarishlash, sug‘orish, zararkunandalardan himoya qilish borasida tizim yaratish bo‘yicha ishlarni tashkil etishda faol ishtirok eting;
Ko‘chatlarni yetkazib berish va narx-navoning barqarorligini taʼminlash maqsadida viloyatimiz tumanlarida yetishtirilgan tok, tut va boshqa mevali daraxt ko‘chatlarini fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga tizimli yetkazib berish bo‘yicha har bir tuman markazlarida ko‘chat sotish yarmarkalari va savdo rastalarini tashkil eting.
Hurmatli va aziz fermerlar, dehqonlar hamda tomorqa yer egalari!
Sizlarni viloyatimizning yuksak ishonchini oqlab, mamlakatimiz va viloyatimiz ravnaqi va farovonligiga munosib hissa qo‘shish uchun faol ishtirok etib tut, tok va boshqa daraxt ko‘chatlari ekishga chaqiramiz!
Bu bilan siz xalqimizga xos ezgu fazilatlarga o‘zingizning munosib hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz! Zero, nafaqat hovli va uylarimiz mana shu, mahalla, shahar, tuman va mana shu vatan ham o‘zimizniki. Uning ozodaligi va ko‘rkamligiga barchamiz masʼulmiz.
Vatanimiz obodligiga o‘z hissamizni qo‘shaylik!
Qarshi tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi