2022 yilda Qashqadaryo mahsulotlari eng ko‘p eksport qilingan mamlakatlar qatoridan Turkiya, Rossiya, Eron, Pokiston va Qirg‘iziston o‘rin olgan.
Viloyat statistika boshqarmasining rasmiy saytida e’lon qilingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning yanvar-dekabr oylarida vohamizda eksportyorlar soni 246 tani tashkil etib, ular tomonidan 303 million 381,1 ming AQSH dollari qiymatidagi (2021 yilga nisbatan 12,3 foiz ko‘p) tovar va xizmatlar eksport qilinishi ta’minlandi.
Viloyat eksportining asosiy qismi (70 foizdan ortig‘i) Turkiya (108,5 million dollar yoki eksport umumiy hajmining 35,8 foizi), Rossiya Federasiyasi (64,1 million dollar yoki 21,1 foiz), Eron (15,9 million dollar yoki 5,2 foiz), Pokiston (15,8 million dollar yoki 5,2 foiz), Qirg‘iz Respublikasi (15,2 million dollar yoki 5 foiz) hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu hamkor mamlakatlarning to‘rttasiga Qashqadaryo eksporti hajmi oldingi yil bilan taqqoslaganda keskin (1,4-1,8 baravar) oshdi, faqat Pokistonga yil davomida sotilgan viloyatimiz mahsulotlari umumiy qiymati 2021 yilga solishtirganda qariyb 2,7 million dollar yoki 14,5 foizga kamaydi.
Ming afsuski, o‘tgan yili birgina Pokiston emas, balki dunyoning yana bir qator mamlakatlariga Qashqadaryodan yetkazib berilgan tovar va xizmatlar hajmi muayyan darajada, xususan, Chex Respublikasiga 2021 yilga nisbatan 6,2 foizga, Afg‘onistonga 9 foizga, Qozog‘istonga 21,3 foizga, Xitoyga 54,5 foiz, Tojikistonga qariyb 4 baravar, Ukrainaga 5 baravar, Turkmanistonga 7 baravar kam bo‘ldi.
Boshqa bir qator yo‘nalishlarda eksport hajmi, aksincha, o‘sib bordi. Masalan, viloyatimizdan Birlashgan Arab Amirliklariga mahsulot sotish 9,5 foizga, Singapurga 12,2 foizga, Moldovaga 20,1 foizga, Belarusga 40,1 foizga, Misrga 46,6 foizga, Polshaga 56,9 foizga, Germaniyaga 63 foizga, Hindistonga 2,4 baravar ko‘paydi.
Viloyatimiz shahar va tumanlarining jami Qashqadaryo eksportidagi ulushlarini ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, bu boradagi eng salmoqli ko‘rsatkichlar Qarshi tumani (qariyb 93,1 million dollar yoki 30,7 foiz) va Koson tumani (qariyb 39,1 million dollar yoki sal kam 12,9 foiz) hamda Qarshi shahrida (28,6 million dollar yoki 9,4 foiz) qayd etilgan. Vohamiz eksport xazinasiga eng kam ulush qo‘shgan shahar va tumanlar ro‘yxatidan esa Gʻuzor (8,2 million dollar yoki 2,7 foiz) va Ko‘kdala (3,1 million dollar yoki 1 foiz) tumanlari hamda Shahrisabz shahri (2,9 million dollar yoki 1 foizdan ham kamroq) joy egallagan.
Eksport hajmining oldingi yilga nisbatan o‘sish sur’atlari bo‘yicha 2022 yilda yaqqol yetakchilik Nishon tumaniga tegishli, ushbu hududda mazkur ko‘rsatkich 13,2 baravar ko‘paygan. Eng keskin kamayish esa Gʻuzor tumanida (46,6 foizga) kuzatilgan.
Viloyatimizga o‘tgan yil davomida import qilingan mahsulotlar va xizmatlar hajmi 2021 yildagi tegishli raqamga nisbatan 51,6 million dollar yoki 17,4 foizga kamayib, 244,1 million dollarni tashkil qildi va bu respublika hududlari orasidagi eng past ko‘rsatkichlardan biri sanaladi.
Qashqadaryo importining asosiy qismi (qariyb 70 foizi) beshta mamlakat - Xitoy Xalq Respublikasi (76,1 million dollar yoki 31,2 foiz), Turkiya (31,1 million dollar yoki 12,7 foiz), Rossiya (28,7 million dollar yoki 11,8 foiz), Qozog‘iston (16,5 million dollar yoki 6,8 foiz) va Germaniya (16,4 million dollar yoki 6,7 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Qizig‘i, vohamizning import borasidagi to‘rtta eng yirik hamkoridan yil davomida sotib olingan tovar va xizmatlar hajmi oldingi yil bilan solishtirganda muayyan darajada pasaygan. Masalan, Xitoy bilan importimiz 3,5 foizga, Turkiya bilan 36,5 foizga, Rossiya bilan 17,8 foizga, Qozog‘iston bilan 15,8 foizga kamaygan bir paytda, Germaniyadan xaridlarimiz 1,4 baravar oshgan.
Shu bilan birga Koreya Respublikasidan Qashqadaryoga import qilingan mahsulotlar hajmi 10,7 foizga, Erondan 26,8 foizga, Tojikistondan 82,9 foizga, Hindistondan 2,8 baravar, Belarusdan 3 baravar, Qirg‘iz Respublikasidan 6,6 baravar oshgan.
Viloyat importida shahar va tumanlar ulushining salmog‘i bo‘yicha yuqori pog‘onalarda Qarshi shahri (52,3 million dollar yoki 21,4 foiz), Kitob (40,2 million dollar 16,5 foiz) va Qarshi (31,6 million dollar yoki 12,9 foiz) tumanlari joylashgan bo‘lsa, quyi pog‘onalardan Qamashi (3,8 million dollar yoki 1,6 foiz), Chiroqchi (2,9 million dollar yoki 1,2 foiz) va Ko‘kdala (1,2 million dollar yoki 0,5 foiz) tumanlari o‘rin olgan.
2022 yilda viloyatimiz tashqi savdo aylanmasi hajmi importdagi pasayish evaziga 3,2 foizga kamayib, 547,5 million dollarga teng bo‘ldi. Tashqi savdo aylanmasi ijobiy saldosi 59,3 million dollarni tashkil etdi. Vaholanki, keyingi 10 yil davomida Qashqadaryoda eksport va import o‘rtasidagi tafovut faqat manfiy bo‘lgan va oxirgi marta vohamizda ijobiy tashqi savdo balansi 2011 yilda qayd etilgan.
Temur NIZOMOV.