Qarshi tumani rahbarlari xorijda bo‘lib turgan hamda qaytgan fuqarolar bilan muloqot o‘tkazdi.
Onlayn muloqotda tuman rahbari tumanimizda ishlash va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan aniq biznes g‘oyalari mavjud fuqarolarimizga amaliy ko‘mak ko‘rsatilishini taʼkidladi.
- Tumanimiz so‘nggi yillarda ulkan bunyodkorlik-qurilish ishlari markaziga aylandi. Jumladan, joriy yilda ko‘plab turar-joylar qurildi, mahallalar obod bo‘lyapti, ijtimoiy muassasalar chiroy ochmoqda. Kichik, o‘rta hamda yirik tadbirkorlar, yirik investitsion loyihalar katta quvvatda ishga tushirilyapti. Tabiiyki, shunday bir pallada halol mehnatkash, ilmi, maʼrifati bor bo‘lgan yoshlar, fuqarolarimizga talab katta. Dunyoqarash o‘zgarganligi aniq, maqsadi bor, aniq taklifi bor fuqarolarimiz doimiy qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Davlatimiz buning uchun barcha zarur sharoitni yaratib bergan. O‘tgan galgi suhbatdan ham yaxshi natijalar bo‘ldi. Bu galgi muloqotdan ham maqsadimiz tuman rivoji, fuqarolarimizning farovonligi, iqtisodiy natijalarimiz yaxshilanishidir. Ayniqsa, yangi zamonaviy g‘oyalarni tumanimizda tatbiq etish mening katta maqsadim, xorijda yurganlar bilan ishlashda tuman tajribasini yaratish ushbu uchrashuvlarimizning mag‘zi-mazmunidir, - dedi tuman rahbari onlayn muloqot avvalida.
Suhbat davomida onlayn muloqotda ishtirok etgan yurtdoshlarimizga bo‘sh ish o‘rinlari haqida maʼlumot taqdim etilib, xorijdan qaytish istagidagi 15 nafar tumandoshimizga munosib ish o‘rinlari taklif etildi.
Xususan, haydovchilik bo‘yicha ancha yillik tajribasi bo‘lgan hozirgi kunda Moskva shahrida mehnat qilayotgan Yuldoshev Faxriddin uchrashuvda tuman rahbariga bugungi uchrashuvdan juda mamnunligini, xorijda ishlash mashaqqatini, zahmatini ko‘p yil chekkan musofir sifatida o‘z uyiga qaytish niyatida ekanligini bildirdi. Uning haydovchilik bo‘yicha malakasi inobatga olinib, “Enter Engineering Pte.Ltd” kompaniyasiga ishga joylashishida ko‘mak berilishi taʼkidlandi. Tumandoshimiz esa malakasi va mehnatiga qarab, 7-8 million so‘mlik maoshli ishga joylashadigan bo‘ldi.
Shuningdek, 40 ga yaqin murojaatlar shu joyning o‘zida tegishli tashkilot rahbarlari tomonidan ijroga qaratildi.
Tuman rahbari muloqotda tumanimiz markazi "Aqlli shahar"ga aylanayotganligi bois ayniqsa IT (ayti) mutaxassislariga talab yuqoriligini, bundan tashqari qurilish ishlari (payvandlovchi, elektr montyor, mexanik, chilangar, tokar, operator va boshqa), og‘ir yuk mashina haydovchilari va boshqa qator mutaxassisliklarda tumanimizda ishchi o‘rinlari yetarli ekanligini bildirib o‘tdi.
Maʼlumot o‘rnida, ushbu kabi onlayn muloqotlar har oyda kamida bir marotaba o‘tkazib borilmoqda. Bundan tashqari, xorijda yurgan fuqarolarimizdan tarkib topgan ijtimoiy tarmoqdagi guruh orqali murojaatlar doimiy o‘rganilib, murojaatlarga yechim topib borilmoqda.
Xorijdagi fuqarolarimiz uchun foydali havolalar: ????
@qarshithokimigamurojaatbot;
@Qarshitumanchetdagi_yoshlar.
@qarshitumaniuz
T.Turdiyev,
Qarshi tumani hokimining
matbuot kotibi