Qarshi tumani hokimligi hamda tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi hamkorlikda bugun, 11 iyun kuni tuman markazidagi "Yoshlar hiyoboni"da bitiruvchi, xizmat chaqiruvidagi va probatsiya hisobidagi yoshlar hamda ishsiz ayollar o‘rtasida “Mehnat yarmarkasi” o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat tassarufidagi 4 va tumandagi 30 dan ortiq tashkilotlar o‘zlaridagi mavjud 1 000 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi.
Mehnat yarmarkasida ishtirok etgan yoshlardan 11 nafariga ishga joylashish bo‘yicha yo‘llanma berildi, yana 10 nafari mahalladagi jamoat ishlariga jalb qilindi. Prezidentimizning PQ-5102 qarori bo‘yicha 3 nafar fuqaroga amaliy yordam ko‘rsatildi. Xorijga chiqish istagidagi 43 nafar yoshga chet elda ishlash uchun shartnoma shartlari haqida maʼlumotlar berilgan bo‘lsa, «Uzbekistan GTL» kompaniyasiga Respublikaning turli hududlarida ishlashlari uchun 47 nafar yoshlarga tegishli tavsiyalar berildi.
Yarmarka davomida "Ayollar daftari"dagi 20 nafar xotin-qizlarga kasb hunar o‘rganishlari uchun 1-sonli Kasb-hunar maktabiga hamda 3 nafar xotin-qizlarga Qarshi shahridagi "Ishga marhamat" Monomarkaziga kasb-hunar egallashlari uchun yo‘llanmalar berildi. Shu kuni "Ayollar daftari" va "Yoshlar daftari"ga kiritilgan tikuvchilik hunari bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lgan 10 nafar xotin-qizga tikuv mashinalari topshirildi. Yarmarkada 1 000 nafardan ortiq yoshlar va xotin-qizlar ishtirok etdi.