Qarshi tumani hokimligida 11-sinfni tamomlagan bitiruvchilar bandligini taʼminlash maqsadida tuman xokimi va DXX viloyat boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek Noraliyev ishtirokida bitiruvchilar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda rahbarlar bitiruvchilarning bandligini taʼminlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, OTMlarga kirish uchun tayyorlangan bitiruvchilar kelgusi yilda ham OTMlarga topshirish uchun ilm olish yo‘lida izlanishi kabi muhim mavzularda suhbatlashdi.
- Inson uchun eng muhimi vaqtdir, - dedi tuman rahbari. - Har kuni o‘zigizga savol bering, "bugun qanday harakat qildim, nimaga erishdim" deb, siz uchun hozirgi vaqtingiz eng muhim palla, shu vaqtda biz sizlar bilan uchrashib, to‘g‘ri yo‘l-yo‘nalish topib berishimiz bugungi yoshlarni har tomonlama qo‘llovchi davlatimizning bizga yuklatgan vazifasidir.
Eʼtiborlisi, uchrashuv davomida yig‘ilgan bitiruvchilarning qariyb 90 foizi o‘z xohish-istaklarini rahbarlarga erkin bildirishdi. Shunga ko‘ra, ular qiziqishlariga bog‘liq yo‘nalishlarda bandligi taʼminlanishi bo‘yicha tegishli topshiriqlar masʼullarga qatʼiy topshirildi.
Taʼkidlash kerak, joriy yilda tumanimizdagi maktablarni 2 910 nafar o‘quvchi tamomladi. Shundan 793 nafar o‘quvchi mamlakatimizdagi OTMlariga, quvonarlisi, 9 nafar bitiruvchi chet ellardagi OTMlariga qabul qilindi. Bundan tashqari 600 dan ortiq yoshlar xususiy OTMlari hamda texnikum va kollejlarda tahsil olmoqda.