Qarshi tumanida 100 dan ortiq ziyoratgoh va qadamjolar mavjud bo‘lib, shulardan biri Saxtapiyoz qishlog‘i masjidi hududida joylashgan Muhammad ibn Ato an-Nasafiy as Sakabadyozaviy ziyoratgohidir. Ushbu ziyoratgoh bevosita Muhammad ibn Ato an-Nasafiy as Sakabadyozaviy nomlari bilan bog‘liqdir.
Saxtapiyoz qishlog‘i tarixi Muhammad ibn Ato an-Nasafiy as Sakabadyozaviy ismli ulug‘ alloma nomlari bilan chambarchas bog‘liq. Muhammad ibn Ato an-Nasafiy as Sakabadyozaviy bobomiz shu qishloqdan bo‘lib faqiq, adib va islomshunos olimlardan biri bo‘lganlar. Taxminan 1000-1090 yillarda Saxtapiyoz qishlog‘ida yashab ijod qilganlar. Hijriy 482 yil (milodiy 1090 yil)ning rabbiul avval oyida vafot etganlar. Abu Rajo Qutayba ibn Muhammad an Nasafiydan taʼlim olganlar. Ustozlari Abu Rajo Qutayba ibn Muhammad an Nasafiy, Qutayba ibn Muslimni keyingi avlodlaridan biri bo‘lganlar. Qutayba ibn Muslim 668 yilda Iroqda tug‘ilib 715 yilda Farg‘onada vafot (668-715) etganlar. Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v ni kuyovlari Usmon ibn Affon r.a bilan birgalikda O‘rta Osiyoga islom dini, islom qarashlarini olib kelgan islomshunos olim, yengilmas lashkarboshilardan biri bo‘lganlar. Bundan tashqari Muhammad Sakabadyoz bobomiz Nasafiylarni eng ulug‘laridan biri bo‘lgan Abu Muin Nasafiy (1027-1114) bilan bir davrda yashab ijod qilganlar. Ushbu maʼlumotlar tarixshunos yozuvchilar Shomurod Sharopovning “Qashqadaryo ziyoratgohlari”, Ruxiddin Akbarovning “Qarshi tuman tarixi” kitoblarida keltirilgan.
Barchamizga maʼlumki Chor Rossiyasi va sobiq Ittifoq davrida hujjatlarni asosan rusiyzabon mutaxassislari yuritganligini eʼtiborga olsak Sakabadyoz nomi keyinchalik buzib talaffuz qilinishi va yozilishi natijasida Saxtapiyoz bo‘lib ketganligi oydinlashadi. Saxtapiyoz qishlog‘i masjidi hududida joylashgan ziyoratgohda ikkita qabr joylashgan bo‘lib, bittasi o‘zlariga, ikkinchisi farzandlaridan biriga tegishli degan taxminlar bor. Tarixshunos yozuvchi Shomurod Sharopovning fikrlariga ko‘ra hozirgi kunga qadar arab tilida yozilgan, hali tarjima qilinmagan buyuk allomalarimiz qo‘lyozma va asarlarida Muhammad Sakabadyoz bobomiz hayot va ijod yo‘llari to‘g‘risida ko‘pgina maʼlumotlar mavjud.
Qo‘ziyev Botirali Ochilovich,
Saxtapiyoz qishlog‘i faoli