Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish ehtiyotsizlikdan sodir etilsada, biroq kelib chiqadigan oqibatlari tufayli jamiyat uchun xavfli bo‘lgan jinoyatlardan biri hisoblanadi. 2022 yilda Respublika sudlarida 9883 ta transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish jinoyat ishlari ko‘rilgan.
Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzib yo‘l-transport hodisalarini sodir etish oqibatida kishilarning bir umrga mayib majruh bo‘lib qolishi, hayotdan bevaqt ko‘z yumushi kabi og‘ir oqibatlar kelib chiqmoqda.
Qonunchiligimizda transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzishga qarshi maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilangan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 133-moddasiga ko‘ra, transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan bir yildan uch yilgacha muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasiga ko‘ra, transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi;
o‘sha qilmish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum qilib, yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.
Shuningdek, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida odamlar o‘limi kelib chiqsa, ushbu moddaning 3-qismida muayyan huquqdan mahrum qilib, o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘rsatilgan.
O.Shukurov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qarshi tumani sudi raisi