Xabar berganimizdek, bir necha kun avval Shohista Begimqulova Qarshi tumani hokimi o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi etib tayinlandi.
Shoxista Begimqulova yangi ish joyida kerakli vazifalardan so‘ng, bugungi ish faoliyatini tumanning chekka hududida joylashgan Hilol mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi xotin-qizlarning holatini o‘rganishdan boshladi.
Hilol mahallasida 8 540 nafar aholi istiqomat qiladi, xotin-qizlar esa 3 627 nafardir. Shundan bugungi kunda 292 nafar xotin-qizlar "Ayollar daftari" ga kiritilgan. Ushbu mahallada nogironligi bor xotin-qizlar ham bo‘lib, ushbu yilda ularning 22 nafariga moddiy yordam ko‘rsatilgan.
Shu mahallada istiqomat qiluvchi Sattorova Ziynat momo 80 yoshdan oshgach, to‘shakda yotib qolganidan so‘ng nogironlik aravachasiga ehtiyoji mavjud edi. Xuddi shunday Qurbonova Damira, Cho‘yanova Shaxodatlar ham 1-guruh nogironligi bo‘lib, ularda ham mustaqil harakatlanishlari cheklangandi. Bugun ushbu holatlar bilan tanishgan Shoxista Begimqulova ushbu xotin-qizlarga kreslo-aravachalar topshirilishida tashabbus ko‘rsatdi.
Shu kuni holidan xabar olingan nogironligi bor fuqarolarga yaxshi kayfiyat ulashish bilan bir qatorda mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvi uchun katta imtiyozlar berilganligi hamda nogironligi bor fuqarolarning qanday imtiyozga egaligi haqida huquqiy tushuntirishlar ham berildi.