Joriy yilning 2-fevral kuni Turkiya Respublikasining Izmir shahrida joylashgan Egey universiteti bilan hamkorlikda Qarshi muhandislik iqtisodiyoti instituti qoshida “Tekstil muhandisligi fakulteti” ochish yuzasidan onlayn uchrashuv tashkil etildi.
Onlayn muloqotda Egey universiteti muhandislik fakulteti rahbariyati prof.dr. M.Tanyolachach, prof.dr. Perrin Akchakoja, viloyat hokimligi, Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti va viloyat Innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasi va paxtachilik klasteri vakillari ishtirok etdi.
Olib borilgan muloqot natijasida Egey universiteti tomoni ushbu tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va viloyat delegatsiyasi Turkiya davlatiga tashrif buyurib, dastlabki amaliy ishlarni boshlashiga kelishildi.
Ma'lumot uchun, Qashqadaryo viloyatida 18 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari mavjud bo‘lib, ularning tarkibida 27 ta to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari faoliyat yuritmoqda. Ushbu fakultetni vohamizda ochilishi tekstil sohasidagi ko'plab muammolarni yechilishiga, ayniqsa, mutaxassis kadrlarni yetishib chiqishiga zamin yaratadi.
Qashqadaryo viloyati hokimligi
matbuot xizmati.