Bugun, tumanning olis qishloqlaridan biri bo‘lgan Cho‘libo‘ston qishloq fuqarolar yig‘inida tuman hokimi boshchiligidagi sektor va tashkilot rahbarlari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi.
Qishloq aholisi tomonidan asosiy muammolar - ichimlik, oqova suvi hamda ish bilan ta’minlash masalasi ekanligi murojaatlarda o‘z aksini topdi. Ushbu muammolar tuman rahbari tomonidan nazoratga olindi. Xususan, ichimlik va oqova suvi bilan ta’minlash muammosi yechimi bo‘yicha tuman Irrigasiya va tuman "Suv ta’minoti" korxonasi rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi. Qishloq aholisining bandligini ta’minlash maqsadida esa "LT textile international" korxonasida bo‘sh ish o‘rinlariga jalb qilinishi va hududga avtobus biriktirilishi belgilandi.
Shuningdek, qabul davomida uy-joy bilan ta’minlash, kadastr hujjati, sog‘ligini tiklash uchun bir martalik yordam, dehqonchilik qilish uchun yer ajratish kabi boshqa ko‘plab muammolar bildirildi.
Yuqoridagi muammolar yuzasidan bir qator murojaatlar mutasaddilar tomonidan hal qilingan bo‘lsa, vaqt talab etadigan murojaatlar mas’ullarga biriktirildi.
T.Turdiyev,
Qarshi tumani hokimining matbuot kotibi.