Xabar berganimizdek, Qarshi tumani hokimi boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy tashrif bilan bordi.
Ushbu tashrif avvalida Szibo Meri Chjao Sinven bilan tuman hokimi Bexzodjon Yusupovning uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuvda tuman hokimi mamlakatimizda xususan Qashqadaryo viloyatida bugungi kunda investorlar faoliyat olib borishlari uchun yaxshi sharoitlar yaratilganligi, investorlar uchun ofislar tashkil qilinib, ularga barcha muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari yaratilib, ular faoliyatlarini rivojlantirish uchun beg‘araz yordamlar va yuqori imkoniyatlar hamda Qashqadaryo viloyatida Xitoy kompaniyalari tomonidan amalga oshirilgan yirik loyihalar bo‘yicha maʼlumot taqdim etdi. O‘z navbatida Szibo Meri Chjao Sinven tomonidan Xitoy Xalq Respublikasining 2000 ming yillik tarixiga ega bo‘lgan Szibo shahri, o‘ziga xos xususiyatga ega shaharning 8 ta Szichuan, Chjandyan, Boshan, Linszi, Chjoutsun, Xuantay, Gaotsin, Iyuan kabi tumanlari iqtisodiyoti bo‘yicha maʼlumotlar berildi.
Uchrashuv natijasida Qarshi tumani hamda Szibo shaharlari o‘rtasida xitoylik investorlar bilan hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi, sanoat, innovatsion loyihalar, raqamli texnologiya, sog‘liqni saqlash, ishlab chiqarish, savdo, madaniyat, turizm, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha anglashuv memorandumi hamda hamkorlik kelishuvi imzolashga kelishildi.
Uchrashuv so‘nggida tuman rahbari Szibo shahri meri Chjao Sinvenni Qashqadaryo zaminiga taklif etib, investorlar uchun barcha qulayliklar yaratib berilishi kafolatlanishini bildirib o‘tdi.
Maʼlumot uchun, Xitoy Xalq Respublikasining 2000 ming yillik tarixiga ega bo‘lgan Szibo shahri rivojlangan tekstil sanoati, ko‘mir qazib chiqarish, dori-darmon, qurilish mahsulotlari, yashil energiya va oyna mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda yana bir qancha sohalar yuqori darajada rivojlanganligi bilan ahamiyatlidir.
T.Turdiyev,
Qarshi tumani hokimi matbuot kotibi.