Qarshi tumani hokimligi majlislar zalida viloyat hokimi Murotjon Azimov rahbarligida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Joriy yilning 18-aprel kuni Prezidentimiz rahbarligida suv xo‘jaligida va farmatsevtika sanoatida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda kelgusi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda bu borada topshiriqlar berilgan edi.
Yig‘ilishda taʼkidlanishicha, 2023 yilda viloyatda 26,1 ming gektar, shundan, 22,5 ming gektarda tomchilatib, 2,1 ming gektarda yomg‘irlatib, 1,5 ming gektarda diskret usulida sug‘orish texnologiyasini joriy qilish hamda 12,4 ming gektar yerlarni lazerli tekislash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, yig‘ilishda Prezidentimizning 2023 yil 1-apreldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilganda beriladigan imtiyozlar bo‘yicha ham batafsil tushunchalar berildi.
Ushbu tadbirning barcha fotosuratlari bilan tuman hokimligining rasmiy telegram-kanali orqali tanishishingiz mumkin. Rasmiy telegram kanal havolasi: qarshitumaniuz
Qashqadaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati.